Sirdaryo viloyati Sardoba tuman politexnikumning USTAVI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Ustav boshlang‘ich professional ta’lim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan kasb-hunar maktablarining maqomi, asosiy maqsad va vazifalari, huquq va majburiyatlari, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Kasb-hunar maktabi — Xalqaro tasniflagichning 3-darajasiga mos keluvchi ta’lim dasturlari asosida 9-sinf bitiruvchilarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan boshlang‘ich professional ta’lim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan ta’lim muassasasi hisoblanadi.
3. Kasb-hunar maktabi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, boshqa qonun hujjatlari hamda ushbu Ustav asosida amalga oshiradi.
4. Kasb-hunar maktabini moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
5. Kasb-hunar maktablari yuridik shaxs hisoblanadi, o‘zining mustaqil balansiga, alohida mol-mulkiga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan, nomi davlat tilida yozilgan muhrga, shtampga, davlat namunasidagi blankalarga, Moliya vazirligining G‘aznachiligida va uning hududiy bo‘limlarida shaxsiy hisobvaraqlariga, shu jumladan, xorijiy valyutadagi va boshqa hisobvaraqlariga, rekvizitlarga ega bo‘lgan, o‘z nomidan shartnomalar tuzadigan, mulkiy yoki shaxsiy nomulkiy huquqlarni amalga oshiradigan, yuklangan majburiyatlarni bajaradigan hamda sud, arbitraj organlarida da’vogar va javobgar bo‘ladigan ta’lim muassasasi hisoblanadi.
6. Kasb-hunar maktablarining rasmiy nomlanishi:
a) davlat tilida:
to‘liq nomi: «Sardoba tuman kasb-hunar maktabi», qisqartirilgan nomi — «STKHM»;
b) ingliz tilida:
to‘liq nomi: «Vocational school of Sardaba district», qisqartirilgan nomi — «SdVS»;
v) rus tilida:
to‘liq nomi: «Профессиональная школа Сардабинского района», qisqartirilgan nomi – «СрПШ».
7. Kasb-hunar maktabining joylashgan joyi (pochta manzili): 120800 pochta indeksi, Sirdaryo viloyati, Sardoba tumani, Xalqobod MFY, Paxtaobod ko‘chasi,- 9-uy.
2-bob. Kasb-hunar maktablarining asosiy maqsad va vazifalari
8. Kasb-hunar maktablarining asosiy maqsadi:
umumta’lim muassasalarining 9-sinfi bitiruvchilari hisobidan shakllantirilgan guruhlarda 2 yillik umumta’lim va mutaxassislik fanlarining integratsiyalashgan dasturlari asosida kunduzgi ta’lim shaklida kadrlar tayyorlashni amalga oshirish;
o‘quvchilarni tanlagan kasb bo‘yicha zamonaviy talablarga javob beruvchi, puxta bilim, amaliy ko‘nikma va malakaga hamda yuksak ma’naviy-axloqiy sifatlarga ega bo‘lgan, intellektual jihatdan etuk kadrlar etib tayyorlashdan iborat.
9. Quyidagilar kasb-hunar maktablarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
iqtisodiyot soha va tarmoqlaridagi zarur sohaviy kasb-hunar bo‘yicha bilim, malaka va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llay oladigan mutaxassislar tayyorlash;
egallagan kasb-hunar bo‘yicha mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beradigan, sifatli bilim olishni va kasbiy tayyorgarlikni ta’minlaydigan ta’lim dasturi asosida o‘qitish;
tanlab olingan kasb-hunarni egallash jarayonida o‘quvchilarning kasbiy layoqat, ko‘nikma va malakalarini shakllantirish;
Ta’lim standartlari talablariga ko‘ra o‘quvchilarda malaka va ko‘nikmalarni shakllantirish;
ta’lim jarayoni uchun zarur moddiy — texnika, o‘quv — metodik bazani yaratish va o‘quv jarayoniga yuqori ish tajribasiga ega bo‘lgan amaliyotchi mutaxassislarni jalb etib borish;
kasb-hunarga tayyorlash tizimi va mazmunini jamiyat ehtiyojlaridan, fan, madaniyat va zamonaviy innovatsion texnika yutuqlaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish;
o‘quvchilarda vatanparvarlik, milliy o‘zlikni anglash, xalqning milliy, madaniy, tarixiy an’analariga hurmat, Vatan bilan g‘ururlanish va iftixor tuyg‘usini shakllantirish;
o‘quvchilarni ma’naviy — axloqiy tarbiyalashning samarali shakllari va usullaridan foydalangan holda kamol toptirish;
o‘qituvchi, ta’lim oluvchilarning sog‘lig‘ini muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ularning bilim olishi, turmushi va dam olishi uchun etarli shart-sharoitlar yaratish.
3-bob. Kasb-hunar maktablarining huquq va majburiyatlari
10. Kasb-hunar maktabi:
O‘zbekiston Respublikasi hududida vakolati doirasida o‘z nomidan yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar va boshqa hujjatlarni tuzish;
O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi bilan taqiqlanmagan va mazkur Ustavga zid bo‘lmagan faoliyatni amalga oshirish;
ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirish maqsadida o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida tanlovlar tashkil etish huquqiga ega.
Kasb-hunar maktabi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
11. Kasb-hunar maktabi:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ta’lim-tarbiya sohasidagi farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining normativ hujjatlarida belgilangan vazifalarni bajarishi;
Ta’lim standartlari, o‘quv rejasi va o‘quv dasturlari asosida sifatli kasb-hunar ta’limini berishi;
kasb-hunar maktabi axborot — kutubxona texnologiyasi fondi umumiy o‘quvchilar sonini hisobga olgan holda zamonaviy talabga javob beradigan darsliklar va o‘quv-metodik adabiyotlar (shu jumladan, badiiy adabiyotlar) majmui bilan etarli darajada ta’minlanishini tashkil etishi;
kasb-hunar maktabi o‘quvchilarida yuksak ma’naviy — axloqiy va milliy o‘zlikni anglash kabi sifatlarni shakllantirishi;
kasb-hunar maktabi o‘qituvchilari va ishlab chiqarish ta’limi ustalari malakasini oshirish, tajriba almashinuvini tashkil etish va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashi;
ta’lim jarayoni qatnashchilarini ijtimoiy himoya qilishi;
pedagogik faoliyatning sifati, ijtimoiy maqomi, nufuzi va obro‘-e’tiborini oshirish borasida faoliyat ko‘rsatishi;
mehnat muhofazasi talablariga javob beradigan ta’lim-tarbiya va mehnat sharoitlarini yaratishi zarur.
Kasb-hunar maktabi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin.
4-bob. Ta’lim oluvchilar
12 .Kasb-hunar maktabiga o‘qishga qabul qilingan fuqaro ushbu ta’lim muassasasi o‘quvchisi hisoblanadi.
13. Kasb-hunar maktabi o‘quvchilariga o‘quvchilik guvohnomasi beriladi.
14. Kasb-hunar maktabi o‘quvchilari:
bilim olishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanib, tegishli kasblar bo‘yicha zamonaviy ilm, fan-texnika taraqqiyoti rivojlanishiga mos nazariy va amaliy bilim olish;
ta’lim-tarbiya jarayoni davomida o‘quv-texnika jihozlari va vositalaridan, fan kabinetlari axborot-kutubxonasi fondidan, axborot-kutubxona o‘quv zali va boshqa o‘quv, yordamchi xonalardan, sport majmualari, kasb-hunar maktabiga qarashli tibbiy va texnik jihozlardan bepul foydalanish;
tuman, shahar, hudud va respublika miqyosida o‘tkaziladigan turli ko‘rik-tanlovlar, sport musobaqalari, amaliy seminarlar, konferensiyalarda ishtirok etish;
kasb-hunar maktabida tashkil etilgan turli tadbirlarda va to‘garaklarda qatnashish;
kasb-hunar maktabi YOshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkilotlariga saylash va saylanish, ta’lim-tarbiya jarayoniga taalluqli masalalar yuzasidan vakolati doirasida takliflar kiritish, shuningdek, o‘quvchilar davomati, ularning ichki tartib-qoidalarga rioya etishi va boshqa masalalarni muhokama qilishda ishtirok etish huquqiga ega.
Kasb-hunar maktabi o‘quvchilari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
15. Kasb-hunar maktabi o‘quvchilari:
ta’lim-tarbiya jarayonida kasb-hunar maktabi Ustaviga, ichki tartib-qoidalariga, odob-axloq, kiyinish va o‘quvchi-yoshlar uyida yashash qoidalariga qat’iy rioya qilishga;
o‘quv va amaliy mashg‘ulotlarda to‘liq ishtirok etish, fanlar bo‘yicha o‘quv dasturi asosida bilimlarni muntazam o‘zlashtirib borish, o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalari tomonidan berilgan topshiriqlarni bajarish hamda darslarga tayyorgarlik ko‘rishga;
ta’lim-tarbiya jarayoni davomida o‘quv-texnika jihozlari va vositalaridan, fan kabinetlari, axborot — kutubxona fondidan, o‘quv zali va boshqa o‘quv, yordamchi xonalardan, sport majmualari, kasb-hunar maktabiga qarashli jihozlardan ehtiyotkorlik bilan foydalanishga;
o‘quv rejasida belgilangan muddatlarda amaliyotlarni to‘liq o‘tashga;
fan kabinetlari, axborot-kutubxona o‘quv zali va sport zalida, oshxona, yotoqxona va ustaxonalarda sanitariya-gigiena, texnika va yong‘in xavfsizligi talablariga qat’iy amal qilishga;
kasb-hunar maktabi hududida uyali telefonlardan foydalanishni tartibga soluvchi tegishli ichki tartiblarga rioya qilishga majburdir.
Kasb-hunar maktabi o‘quvchilari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin.
16. O‘qishda erishgan yutuqlari, ijodiy faoliyati va jamoat ishlarida faol qatnashgan o‘quvchilarga rag‘batlantirishning turli shakllari qo‘llaniladi.
17. Ichki tartib va odob-axloq qoidalarini buzgan hamda huquqbuzarlik harakatlarini sodir etgan o‘quvchilarga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llaniladi.
5-bob. O‘quv-tarbiyaviy va ilmiy-metodik ish
18. O‘qituvchilar, ish beruvchilar, o‘quvchilar ta’lim jarayonining qatnashchilari hisoblanadi.
19. Kasb-hunar maktabida:
ta’lim berish muddati 2 yil bo‘lib, ta’lim kunduzgi shaklda amalga oshiriladi;
o‘quvchilar o‘qitish kurslari va tili bo‘yicha guruhlarga, o‘qitish yo‘nalishi bo‘yicha esa bo‘limlarga birlashtiriladi;
guruhlarda o‘quvchilar soni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan me’yorlar asosida shakllantiriladi;
o‘quv yilining boshlanishi, tugallanishi, haftalik yuklama, ta’tillarning muddati, davomiyligi, shuningdek, o‘quv-tarbiya jarayoni yakunlarini belgilash shakllari, amaliyot turlari va yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazish tartibi hamda ta’lim jarayoniga tegishli boshqa talablar qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlangan o‘quv rejalari va boshqa normativ hujjatlar asosida belgilanadi;
kasb-hunar maktabida barcha turdagi o‘quv mashg‘ulotlari davomiyligi tegishli normativ hujjatlar bilan belgilanadi.
20. Ta’limni tashkil etish ta’lim standartlari asosida ishlab chiqilgan ta’lim dasturlari (malaka talabi, o‘quv rejasi va o‘quv dasturlari) asosida belgilanadi.
21. O‘quvchilarning nazariy va amaliy ko‘nikmalari normativ hujjatlarda belgilangan tartibda aniqlashtiriladi.
22. Kasb-hunar maktabida o‘qitish kursi tugagandan keyin nazoratlarning yakuniy natijalari asosida o‘quvchini navbatdagi kursga o‘tkazish, kursda qoldirish va o‘qishni ko‘chirish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. O‘quvchilarni kursdan kursga o‘tkazish, kursda qoldirish kasb-hunar maktabi pedagogik kengashining qarori va direktorning buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.
23. O‘quvchilarni kasb-hunar maktabida o‘qitish ta’limning fan va ishlab chiqarish bilan o‘zaro hamkorligi asosida amalga oshiriladi.
24. Kasb-hunar maktabi o‘quvchilarining korxona va tashkilotlarda tizimli asosda ishlab chiqarish va malakaviy amaliyot o‘tashi uchun shart-sharoitlar yaratiladi.
25. O‘quv rejasi va fan dasturlarining barcha talablarini bajargan o‘quvchi kasb-hunar maktabi pedagogik kengashining qaroriga asosan direktorning buyrug‘i bilan YAkuniy davlat attestatsiyasi imtihonlariga qo‘yiladi. YAkuniy davlat attestatsiyasi amaldagi normativ hujjatlarga asosan yoki «Amaliy-ko‘rgazmali» imtihon topshirish shaklida o‘tkaziladi.
26. YAkuniy davlat attestatsiyasi komissiyasi qarori bilan ta’lim olgan mutaxassisligi (kasbi) va egallagan malakasi (malakalari) ko‘rsatilgan holda davlat namunasidagi diplom beriladi.
27. Diplomga o‘zlashtirilgan fanlar ro‘yxati, o‘tilgan soatlar hajmi, ularni o‘zlashtirish darajasi (baholar) va YAkuniy davlat attestatsiyasi natijalari ko‘rsatilgan qo‘shimcha varaq ilova qilinadi.
28. Kasb-hunar maktabini tamomlaganlik to‘g‘risidagi diplom egallangan bilim va kvalifikatsiyani mehnat faoliyatida amalga oshirish huquqini beradi.
29. O‘quv-metodik, ilmiy-metodik va tajriba ishlarini amalga oshirish maqsadida kasb-hunar maktabida fanlar bo‘yicha metodik birlashma(uyushma)lar tashkil qilinadi.
30. O‘quv jarayoni shakli ilmiy asoslangan innovatsion vosita va o‘qitish usullarini tanlash asosida tashkil etiladi.
31. Kasb-hunar maktabida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar umumbashariy qadriyatlarga va milliy an’analarga asoslanadi:
kasb-hunar maktabida vatanparvarlik va milliy mustaqillik g‘oyalariga sadoqatli hamda jamiyat taraqqiyotiga hissa ko‘sha oladigan shaxsni tarbiyalash o‘quv jarayoni bilan uzviy ravishda «Ma’naviyat va ma’rifat» jamoatchilik markazi, YOshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti, shaxsning ijodiy faolligini shakllantiruvchi fondlarning faol ishtiroki bilan amalga oshiriladi;
yoshlarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashda xalqning boy milliy-madaniy, tarixiy an’analariga, urf-odatlariga asoslangan tarbiyaviy ishlarning turli shakllarini ommalashtirish maqsadida kasb-hunar maktabining veb-sayti va ijtimoiy sahifalarini yaratish yo‘lga qo‘yiladi;
o‘quvchilarning o‘z intellektual darajasini oshirishlari uchun badiiy adabiyotlarni o‘qishga qiziqtirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga doir targ‘ibot ishlarini olib borish yangi adabiy kitoblarning taqdimotini uyushtirish va targ‘ib qilish orqali amalga oshiriladi;
yosh avlodni ma’naviy-axloqiy, milliy g‘oyalarga sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mustaqil dunyoqarashga va fikrlashga ega bo‘lgan ma’naviy boy va har tomonlama kamol topgan shaxsni shakllantirishda milliy-madaniy, tarixiy an’analarga, urf-odatlar hamda umumbashariy qadriyatlarga asoslangan tarbiyaviy ishlarning turli xil shakllari qo‘llaniladi.
6-bob. Ta’lim muassasasini boshqarish
32. Kasb-hunar maktabiga O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri tomonidan tayinlangan direktor rahbarlik qiladi.
Kasb-hunar maktabi faoliyatini boshqarish direktor tomonidan amalga oshiriladi.
Direktor:
kasb-hunar maktabining faoliyatini yuritishga shaxsan javob beradi;
davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek, boshqa tashkilotlar bilan munosabatlarda Kasb-hunar maktabi nomidan ish yuritadi;
tashabbuskor o‘qituvchilar, ishlab chiqarish ta’limi ustalari va xodimlari mehnatini moddiy rag‘batlantirish choralarini ko‘radi;
o‘z vakolati doirasida xodimlar tomonidan ijro etilishi shart bo‘lgan buyruqlar chiqaradi va ko‘rsatmalar beradi;
o‘z vakolati doirasida boshqa funksiyalarni bajaradi.
Direktor ma’muriyat faoliyati natijalari bo‘yicha pedagogik kengash va Kasb-hunar ta’limini rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi hamda vazirlikka hisobot beradi.
33. Kasb-hunar maktabining oliy organi Pedagogik kengash hisoblanadi.
Pedagogik kengash:
kasb-hunar maktabini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini, boshlang‘ich professional ta’limga ega kadrlar tayyorlash va tarbiyalash sifatini oshirish va takomillashtirishni;
o‘quvchilarni qabul kilish, kursdan kursga o‘tkazish va qoldirish masalalarini muhokama qiladi hamda tegishli qarorlar qabul qiladi;
o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalarining ijodiy tashabbuskorligini oshirish, ularning pedagogik tajribasini ommalashtirish bo‘yicha malaka oshirish ishlarining tashkil etilishini muhokama qiladi;
tegishli normativ hujjatlar talablariga muvofiq o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalariga kasbiy toifa berish hamda bazaviy ta’rif stavkasiga belgilangan ustama haq to‘lovlarini belgilash to‘g‘risidagi masalalarni muhokama qiladi va tegishli toifalarga tavsiya beradi;
Davlat attestatsiya komissiyasi va qabul komissiyasi hisobotini muhokama qiladi;
Pedagogik kengash tarkibiga kasb-hunar maktabi direktori, uning o‘rinbosarlari, o‘qituvchilar, ishlab chiqarish ta’limi ustalari, psixolog, axborot-kutubxona bo‘yicha mutaxassis kiradi. Pedagogik kengash tarkibiga zaruratga ko‘ra ishlab chiqarish korxonalari va ish beruvchilarning vakillari kiritilishi mumkin. Direktor Pedagogik kengash raisi hisoblanadi.
34. Pedagogik kengash majlislari ikki oyda kamida bir marta o‘tkaziladi, zarur hollarda navbatdan tashqari Pedagogik kengash majlisi o‘tkazilishi mumkin. Kengash qarori umumiy, ochiq ovoz berish orqali qabul kilinadi. Pedagogik kengash qarorlari direktorning buyrug‘i bilan kuchga kiradi.
35. Kasb-hunar maktabi shtatlari jadvali belgilangan tartibda ishlab chiqiladi, tasdiqlanadi hamda ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
36. Kasb-hunar maktabida Pedagogik kengash, metodik kengash, ota-onalar kengashi tuziladi va faoliyat yuritadi.
37. Kasb-hunar maktabi tarkibida kasaba uyushmasi, xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston YOshlar ittifoqi vakili, murabbiylar kengashi va kasb-hunar maktabidagi ta’lim-tarbiya jarayoniga daxldor bo‘lgan boshqa jamoat tuzilmalari tashkil etilishi mumkin.
38. Kasb-hunar maktabida fan kafedralari tashkil etiladi.
Tashkil etilgan kafedralar ular faoliyati to‘g‘risidagi nizomlar bilan tartibga solinadi.
39. Kasb-hunar maktabi o‘qituvchilari va ishlab chiqarish ta’limi ustalari bilan hamkor tashkilotlar o‘rtasida ta’lim sifatini oshirish borasida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
7-bob. Pedagog xodimlar, o‘quv-tarbiyaviy xodimlar
40. Tegishli oliy ma’lumotga, kasbiy tayyorgarlikka hamda yuksak axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan shaxslar kasb-hunar maktabida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega.
41. Pedagoglarni ishga qabul qilish, ularning o‘quv yuklamasini belgilash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
42. O‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalarining pedagogik faoliyat darajasini baholash uchun attestatsiyadan o‘tkazish va malaka toifasi berish tartibi tegishli normativ hujjatlarga asosan amalga oshiriladi.
43. O‘qituvchilarning pedagogik, psixologik, kasbiy mahoratini va malakasini oshirish hamda ularni qayta tayyorlash 4 yilda kamida bir marta amalga oshiriladi.
44. Guruhlarda o‘quv, ma’naviy — axloqiy, tarbiyaviy hamda tashkiliy ishlarga rahbarlik qilish uchun o‘qituvchilardan guruh murabbiylari tayinlanadi.
45. O‘qituvchilar, ishlab chiqarish ta’limi ustalari va xodimlarning huquqlari va burchlari, lavozim vazifalari, malaka talablari va majburiyatlari kasbga qo‘yilgan talablar bilan belgilanadi va O‘zbekiston Respublikasining mehnat haqidagi qonunlari asosida tartibga solinadi. O‘qituvchilar, ishlab chiqarish ta’limi ustalari va xodimlar pedagogik mehnatning, tarbiyaviy va ilmiy jarayonning yuqori samara berishiga, o‘quvchilarda mustaqillik, tashabbuskorlik, ijodiy qobiliyat, zarur kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirishga, kasb-hunar maktabi Ustaviga rioya qilishga majbur.
46. O‘qituvchi, ishlab chiqarish ta’limi ustalari va xodimlar O‘zbekiston Respublikasining mehnat haqidagi qonunlari asosida lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
47. O‘quv-tarbiya jarayoni sifati oshishiga aniq shaxsiy hissa qo‘shayotgan, yuksak kasb mahoratiga ega bo‘lgan;
o‘quvchilarda amaliy ko‘nikmalar va ijodiy faoliyatni rivojlantirishdagi xissasi uchun;
o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalarining ilmiy-tadqiqotchilik ishlaridagi faolligi uchun;
ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy va jamoat hayotida faol ishtiroki uchun o‘qituvchi, ishlab chiqarish ta’limi ustalari va xodimlar rag‘batlantiriladi.
8-bob. Jamoat tashkilotlari
48. Kasb-hunar maktabida o‘quvchi, o‘qituvchi, ishlab chiqarish ta’limi ustalari, ma’muriy va yordamchi xodimlarni birlashtiruvchi jamoat tashkilotlari faoliyat ko‘rsatadi. Jamoat tashkilotlarining faoliyati amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
49. YOshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkiloti o‘quvchilarni ixtiyoriy ravishda birlashtiradi.
YOshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilotining maqsad va vazifalari kasb-hunar maktabi yoshlarini birlashtirish, sog‘lom turmush tarzi asosida tarbiyalash, jamiyatda munosib o‘rin egallashga ko‘maklashish, ularning manfaatlarini har tomonlama himoya qilishdan iboratdir.
50. O‘zbekiston Respublikasining «O‘zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to‘g‘risida»gi Qonunida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi kasb-hunar maktabi xodimlari va o‘quvchilarining ko‘ngilli jamoat birlashmasi sifatida e’tirof etiladi.
Kasaba uyushmasi qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasining «Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonuniga va boshqa tegishli normativ hujjatlarga asosan ish ko‘radi.
9-bob. Kasb-hunar maktabining mol-mulki va mablag‘lari
51. Kasb-hunar maktabi o‘zining moliya–xo‘jalik faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiradi.
52. O‘qituvchi, ishlab chiqarish ta’limi ustalari, xodimlarning ish haqi, sifatli faoliyat uchun ularni rag‘batlantirish miqdori va ish xaqiga ustamalar qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
53. Moliyaviy mablag‘lar kasb-hunar maktabining tasarrufida bo‘ladi va ulardan qonunchilikda belgilangan tartibda Ustavda belgilangan vazifalarini amalga oshirish maqsadida foydalaniladi.
54. Kasb-hunar maktabining ob’ektlari va mol-mulkidan o‘quv mashg‘ulotlari davrida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish maqsadida foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
55. Fan kabinetlari, ustaxona va boshqa ob’ektlarning o‘quv-metodik va texnik jihozlanishi namunaviy normativlar bilan belgilanadi.
56. Kasb-hunar maktabining mol-mulkidan samarali va maqsadga yo‘naltirilgan tarzda foydalanilish uchun qonun hujjatlariga muvofiq direktor to‘liq javob beradi.
57. Kasb-hunar maktabi o‘z moliyaviy faoliyatini amalga oshirish uchun amaldagi qonun hujjatlariga binoan buxgalteriya va statistika hisobini yuritadi, moliyaviy faoliyatni muntazam tahlil qiladi hamda mablag‘lardan maqsadli foydalanishni ta’minlaydi, moliyaviy va statistik hisobotlarni qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda tegishli organlarga taqdim etadi.
58. Kasb-hunar maktabining moliya-xo‘jalik faoliyatini nazorat qilish qonun hujjatlariga muvofiq vakolatli organlar tomonidan amalga oshiriladi.
10-bob. Qayta tashkil etish va tugatish
59. Kasb-hunar maktabi qonunda belgilangan tartibda vakolatli organlar tomonidan tashkil qilinadi va tugatiladi.